“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!”

Yaxshi maʼlumki, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori OAVda eʼlon qilingan edi. Qaror ijrosini taʼminlash hamda qutlugʻ bayramni munosib oʻtkazish maqsadida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 433-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz ‒ Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida oʻtkazilgan bayramda 433-sonli DMTT rahbariyati, pedagog-tarbiyachilar, ota-onalar ishtirok etdi.
‒ Bundan roppa-rosa 32 yil oldin erishilgan tarixiy mustaqilligimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilgan olamshumul neʼmat, istiqlol bizga jahon mamlakatlari bilan bir safda, yonma-yon turish, ulardan aslo kam boʻlmaslik baxtini berganini qayd etishni istardim, ‒ dedi ushbu tashkilot direktori Shahnoza Hasanova. ‒ Mana bugun, bolajonlar koʻzlarida porlagan quvonch, shodlikni koʻrib mustaqillik bizga inʼom etgan baxtni yana bir karra his qildim. Barchangizga Mustaqilligimizning 32 yilligi muborak boʻlsin.
Tadbir davomida bolajonlar tomonidan tayyorlangan “Oʻzbekiston bizniki”, “Край красоты Узбекистан” kabi qoʻshiq hamda “Kabutarlar”, “Assalom”, “Andijon polkasi” kabi raqslar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Bayram soʻnggida sevimli sanʼatkorimiz Sevara Nazarxonning “Vatanim” qoʻshigʻi birgalikda ijro etildi.
Dilorom ORIPOVA,
433-sonli DMTT metodisti