O‘zbek kinosi yuksak eʼtirof etildi

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan “Qo‘rqut ota” kinofestivalida Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov turkiy dunyo kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi.
Shuningdek, rejissor Muzaffar Erkinovning “Abdulla Oripov” badiiy filmi va Shuhrat Mahmudovning “Mening doiram” hujjatli filmlari “Eng yaxshi senariy” hamda “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.
“Eng yaxshi senariy” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan “Abdulla Oripov” filmi rejissori Muzaffar Erkinov o‘z fikrlarini bildirdi:
‒ Birinchi navbatda, shu filmni yaratish g‘oyasini ilgari surgan muhtaram Prezidentimizga tashakkur bildiraman. Shuningdek, Kinematografiya agentligiga, senariy mualliflariga va umuman shu filmni yaratishga hissa qo‘shgan barcha ijodkorlarga, jumladan, Abduqayum Yo‘ldoshev, Muqaddas Usmonova, Minhojiddin Mirzo, Furqat Usmonovga rahmat aytaman. Bu film xalqaro miqyosda ikkinchi marta e’tirof etildi. Birinchi bor – Toshkent xalqaro kinofestivalida, ikkinchi bor – “Qo‘rqut ota” kinofestivalida. Men bundan juda ham xursandman.
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan festivalning yopilish marosimida hakamlar hay’ati a’zosi oldimga kelib, “Abdulla Oripov” filmi yoqqanligini va bu kinokartinadan juda ham ta’sirlanganini so‘zlab berdi. Men filmimiz xalqaro yutuqlarga erishayotganidan juda ham xursandman. Buyuk shoirimiz Abdulla Oripovning oilasiga ham rahmat demoqchiman.
Har yili Turkiyada o‘tkazilib kelinayotgan festival bu yil Ozarbayjonda tashkil etildi. Tashkilotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, “Qo‘rqut ota” kinofestivali endilikda turkiy davlatlarning har birida bo‘lib o‘tadi.
“Qo‘rqut ota” xalqaro kinofestivali turk dunyosi mamlakatlari tarixidagi birinchi kinofestival bo‘lganligi bilan ahamiyatlidir. U IX-X asrlarda Sirdaryo sohilidagi dashtlarda yashab o‘tgan o‘g‘uz turklarining mashhur shoiri, baxshisi Qo‘rqut ota (Dada Qo‘rqut) sharafiga shunday nomlangan.
Mumtoz baxshi, afsonaviy avliyosifat zot, turkiy elatlarning milliy qahramoni IX asrda Sirdaryo sohillarida yashab ijod etgan. Buyuk tarixiy shaxs Dada Qo‘rqutdan xalqlarimizga boy adabiy va musiqiy meros qolgan. Markaziy Osiyo xalqlari orasida Qurqut ota, Dada Qurqut kabi nomlar bilan atalib, uning xotirasi ulug‘lanadi. Manbalarga ko‘ra u milliy cholg‘uchiligimizning ajralmas bo‘lagi bo‘lgan qoʻbiz asbobini ilk bor yaratgan bastakordir.
Manzura BEKCHANOVA