“Kitabi dadam Qoʻrqut” va Afgʻoniston oʻzbeklari

Taniqli Afgʻonistonlik etnik oʻzbek jurnalisti, adabiyotshunos, tarjimon hamda manbashunos Azizulloh Orol bilan suhbatlardan birida ustoz yoshligida bobosidan eshitgan ertaklar, rivoyatlar haqida soʻzlagan, ular orasida nomi zikr etilgan “Bobo Qoʻrqit” eʼtiborimni tortgan edi. Sababi, 3 yildan beri “Dada Qoʻrqit” va “Oʻgʻuznoma” kitobiy eposlarining qiyosiy tahlili ustida izlanish olib borayotganim edi.
Ushbu ertak syujeti haqida savol berganimda, Azizulloh Domla uni toʻliq eslolmasligini, taxminan 5-6 yoshlarida eshitganini eslatdi. Men oʻshanda Afgʻonistonda yashovchi oʻzbeklar orasida ham Dada Qoʻrqitga oid ertak, afsona, rivoyatlar boʻlganini anglagan, oʻzim uchun katta yangilik “kashf” etgan edim. Lekin to hozirga qadar Afgʻonistondan bu mavzuga oid birorta manba topilmayotgandi.
Mohir olim, shoir, etnik oʻzbek Alim Koʻhkan taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, Afgʻonistonda yashovchi oʻzbeklarning koʻpchiligi qarluq hamda qipchoq urugʻlariga mansub boʻlib, shuningdek, Balx, Bagʻlon, Samangon, Qatagʻon mintaqalarida oʻgʻuzlar ham istiqomat qilar ekan. Xaritaga eʼtibor qaratilsa, bu viloyatlar Afgʻonistonning shimoliy qismida joylashgani, ularda asosan, oʻzbek millatiga mansub aholi umrguzaronlik qilishi oydinlashadi.
Azizulloh Orolning 1958-yil Afg‘onistonning Foryob viloyati Andko‘y tumanida tugʻilganini inobatga olsak, demak XX asrning 60-yillari oʻrtalarida Shimoliy Afgʻoniston oʻzbeklari orasida Qoʻrqit otaga oid ertak yoki rivoyatlar mavjud boʻlgan. Foryob ham xuddi yuqorida nomi zikr qilingan viloyatlar singari Afgʻonistonning shimoliy mintaqasi, oʻzbeklar yashaydigan hududlardan hisoblanadi.
1990-yili qardosh turkmanlar tomonidan chop etilgan “Горкут ота” kitobida Dada Qoʻrqitga oid 10 ta afsona keltiriladi [1]. Ajablanarlisi, kitobdagi “Takamuhammad” afsonasida Afgʻoniston, uning shohi, Salir Qozon haqida soʻz boradi. Bu esa genezisi Oʻrta Osiya, ikki daryo atroflariga nisbat beriladigan Qoʻrqit ota, Solur Qozon, Oʻruz, Burla xotun singari qahramonlar Afgʻoniston oʻzbeklari orasida ham ommalashgan degan xulosaga kelishga turtki boʻladi.
Shuni qayd etish joizki, “Takamuhammad” afsonasi “Kitabi dadam Qoʻrqut” eposining “Boy Boʻra oʻgʻli Bomsi Bayrak” boʻyiga juda oʻxshaydi. Faqat eposda Bayrak amalga oshirgan ishlarni afsonada Solir Qozon bajaradi. Bomsi Bayrak haqidagi boʻy esa oʻz navbatida “Alpomish” eposi syujetiga juda oʻxshash.
Qiziq jihatlardan yana biri, afsona Takamuhammad deb atalsa-da, voqealar Solir Qozon ishtirokida shakllanadi. Faqatgina afsona soʻnggida Solir Qozon Afgʻoniston shohining qizidan tugʻilgan toʻngʻich farzandiga Takamuhammad deb ism qoʻygani taʼkidlanadi.
Afsona haqida toʻliqroq tasavvur hosil boʻlishi uchun, uning toʻliq matnini keltirishni lozim topdik:
Takamuhammad
Salir Qozonning davrida Afg‘oniston shohining bir xushro‘y qizi bo‘libdi. Kim shu qizni kurashda yiqa olsa, o‘shanga erga berarmish. Bu qizning dong‘i tog‘ oshib uning xabari Salir Qozonning ham qulog‘iga yetibdi.
Qozon:
- U qanday qiz ekan? Biz ham bir uning bilan sinashib ko‘rsak qanday bo‘larkan? – deb shu qizning manzili tomon yo‘l soladi.
Bu qizning ustida Salir Qozondan oldin ham ancha yigitlar kallalarini qo‘yib qaytibdilar. Xullas, yo o‘lishi yo kurashda yiqib qizga ega bo‘lishi kerak.
Oz yurib, ko‘p yurib Salir Qozon ham yetib boradi. Uning ham xabarini oladilar. Qozon xabarini beradi. Dam olgandan so‘ng kurash boshlanadi. Bir kun kurashdilar, yiqa olmay ayrilishdilar, ikki kun kurashdilar, yiqa olmay ayrilishadilar.
Uchinchi kun Salir Qozon o‘z-o‘ziga:
“Agar bir qizdan yengilsam, mening otim obro‘siz bo‘ladi”, deb Tangridan, Muhammaddan duo istab[1], bor kuchini to‘plab, qiz bilan kurashga kiradi, qiz uning kuchini ko‘rib:
- Endi men senikiman! – deb baqirib yuboradi. Ammo Salir Qozon uning qichqirig‘iga qaramay uni yiqadi.
Shundan so‘ng, qizni nikohlab Salir Qozonga beradilar. U zamonlarda to‘y qizning otasinikida bo‘larmish, kuyov ham o‘sha yerda uch-besh kun bo‘larmish. Salir Qozon ham o‘sha yerda bir-ikki-uch oy yashab, axiyri qizni olib o‘z yurtiga qaytib keladi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan so‘ng, Salir Qozonning bir o‘g‘li bo‘ladi, u o‘g‘lonning otini Takamuhammad deb qo‘yadilar. Bundan so‘ng yana bir o‘g‘li bo‘ladi, uning otini Sari qo‘yadilar. Qozon o‘lgandan so‘ng ham bu ayoli bir o‘g‘il tug‘ibdi, uning otiga ham Salir Qozonning otini qo‘yibdilar [2].
Turkman qardoshlardan yozib olingan Qoʻrqit otaga oid afsonalarda Afgʻoniston, u yerda yashovchi oʻzbeklar, turkiy urugʻlar haqida maʼlumotlarning uchrashi, “Bobo Qoʻrqit” ertagining mavjudligi bu mavzuda qilinishi kerak boʻlgan saʼy-harakatlarga zamin yaratishi tabiiy. Kelgusida mavzu yuzasidan keng tahlilga tortilgan ilmiy izlanishlar amalga oshirilib, yangi tadqiqotlar vujudga kelishiga ishonamiz.
Davronbek ORIPOV,
O‘zbekiston milliy universiteti
O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi tayanch doktoranti
ADABIYOTLAR
1. Горкут ота. ‒ Ашгабат: «Туркменистан», 1990.-Б.187.
2. Turkman tilidan Komila Hamroyeva tarjimasi.
[1] Niyat qilib