Eron Ozarbayjoni
Eron Ozarbayjoni yoki Janubiy Ozarbayjon Eronning shimoli- g‘arbiy qismida joylashgan Ardabil va Sharqiy Ozarbayjon, G‘arbiy Ozarbayjon hududlariga to‘g‘ri keladi. Zanjon viloyati esa Eron Ozarbayjonining ma’muriy qismi bo‘lmasada u yerda ozarbayjonlar ko‘pligi bois sharqiy chegara hisoblanadi.
Ozarbayjonning bo‘linishi
Aras daryosidan shimoldagi hududlar, jumladan, hozirgi Ozarbayjon hududi ham 19-asrda Rossiya bosib olgunga qadar Eron hududlari bo‘lgan. Rus- fors urushi natijasida esa Qojarlar sulolasining yerlari Rossiya imperiyasiga majburan o‘tkazib berildi. 1813- yildagi Guliston shartnomasi va 1828- yildagi Turkmanchoy shartnomalari chegaralarni aniqlab berdi. Qojarning Rossiyaga berib yuborilishi ozarbayjonlarni ikkiga bo‘lib qo‘ygan bo‘lsada, ular yagona etnik guruhni tashkil qiladi.
Erondagi eng katta ozchilik bo‘lgan ozarbayjonlar
Eron ozarbayjonlari Eron aholisining 25%ini tashkil qiladi. E’tiqodiga ko‘ra ham shia musulmonlari hisoblanadi. Eronning hurmatli shia ulamolari ham ozarbayjonlardan bo‘lgan. Jumladan, Eronning amaldagi oily rahbari Ali Xomanaiy ham etnik ozarbayjonlik hisoblanadi.
Til
Ozarbayjon tili Eronning rasmiy tili emas, u Eron ozarbayjonlari orasida, asosan, og‘zaki ravishda keng qo‘llaniladi.
Madaniyat
Turkiyzabon xalq hisoblangan Eron ozarbayjonlari Eron madaniyatiga ta’sir ko‘rsatgan. Ozarbayjon musiqasi ham o‘ziga xos bo‘lib, fors musiqasi va kurd musiqasi, shuningdek, Kavkaz xalqlari musiqasi bilan chambarchas bog‘liq. Shuningdek, ozarbayjon hunarmandlari gilam, to‘r, bosma to‘qimachilik, zargarlik buyumlari, misdanidishlar, o‘yilganmetallar, yog‘ochdan yasalgan buyumlar, kulolchilik kabi boy bezak san’ati an’analarini shakllantirgan.
Ayniqsa, Ozarbayjon gilamdo‘zligi alohida ahamiyatga ega. Sharqiy Ozarbayjon viloyatining poytaxti Tabriz esa Erondagi gilamdo’zlikning asosiy markazlaridan biri hisoblanadi. Oxirgi paytlarda Ardabil gilamdo‘zligi Tabrizdan ortda qolayotgan bo‘lsa ham 1540- yilda Eronning ikki mashhur gilami Ardabilda to‘qilgani u yerda qadimda gilamchilik rivojlanganiligidan dalolatdir. Ikki gilamdan biri Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida, ikkinchisi esa Los-Anjeles okrugi sanʼat muzeyida osilgan. Bu gilamlar ipak bo‘lib, o’ttiz milliondan ortiq tugunni o‘z ichiga oladi.
Din
Eron ozarbayjonlarining ko‘p qismi shia musulmonlaridir. Bundan tashqari Bahoiy e’tiqodidagi oz sonli ozarbayjonliklar ham borligi haqida manbalarda aytiladi.
Zulayho MO‘MINOVA,
turkona.uz muxbiri