Eli sevgan yurt

Yuz ming yillik tarixga ega boʻlgan Zarafshon vodiysining oʻrta qismida, Miyonkol hududidagi Nahripay qadimiy manzil hisoblanadi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, bu kanal qadimda Fay deb atalgan. Fay kanalining suvi bilan sugʻorilgan joylar Sugʻddagi eng hosildor yerlar hisoblangan. Fay hududida aholi tigʻiz yashagan. Yirik qomuschi olim Tabariy oʻzining “Tarixi Tabariy” kitobida Fay va oʻsha nom bilan ataladigan rustoq aholisi hokimi Turk hoqon toʻgʻrisida yozgan. Samʼoniy ham, Yoqut ham Fay arigʻi Ishtixon bilan Kushoniya oraligʻida joylashgan deb yozishgan. Shuningdek, Fay rustoqi Ibn Xavqal asarida ham tilga olingan. Fay kanali boʻyidagi Robinjon vayronalarini koʻrgan va uning daraxtlari soyasida dam olgan Samʼoniyning “Kitob al-ansob” asarida yozilishicha, Fay (Pay) qishlogʻi taxminan hozirgi Oqtosh shahrining oʻrniga toʻgʻri keladi. Demak, shundan xulosa qilish mumkinki, VII asrning uchinchi choragiga qadar kanal ham, kanal atrofidagi aholi yashaydigan joy ham Fay (Pay) nomi bilan atalgan.
Arablar istilosidan keyin esa arablar uni Nahri (nahr arabcha daryo demakdir) Fay (Pay) deb yuritishgan. Shu tariqa kanal Nahri Pay, keyinchalik Nahripay shaklida qoʻllangan. Oʻtgan asrda Buxoro xonligi hududida boʻlgan N.Xanikov oʻzining 1843-yilda yozilgan “Buxoro xonligi tavsifi” kitobida Narpay (uncha keng va uncha tez oqmasa ham Zarafshon (daryo)sining tabiiy irmogʻi) deb hisoblagan.
Saʼid Abulkarim ibn Muhammad al-Samʼoniy (1113-1167 y.) Marvda tugʻilgan, Samarqand, Buxoroda taʼlim olgan yirik tarixchi, biograf, mashhur sayyohdir. U 20 jildlik “Marv tarixi” hamda “Kitob al-ansob” (“Nasablar haqida kitob”) asarlarini yaratgan. Olimning 1156-yilda yozgan “Kitob al-ansob” asarida Movarounnahr shahar va qishloqlari hamda bu yurtdan yetishib chiqqan mashhur kishilar toʻgʻrisida muhim tarixiy maʼlumotlar keltirgan.
Samʼoniy Sugʻdning 7 shahri borligi haqida yozgan: “Arbinjon yoki Robinjon ‒ Sugʻdning Buxoro yoʻlidagi uncha katta boʻlmagan shahri”. “Ummaviylar davrida u yerda arab qoʻshini turgan”. Bulardan tashqari, Samʼoniy Dabusdan yirik qonunshunoslar, filologlar yetishib chiqqanligi toʻgʻrisida maʼlumot bergan.
Ismat SANAYEV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Turon FA akademigi, falsafa doktori
“Narpay sohillarida” kitobidan olindi.